DISCLAIMER: Ushbu maqolada shaxiy hayotimga oid ma'lumotlar bor. Aslida bularni ulashishni xohlamasdim lekin, chet elga ketish va ishlashdagi bu tajribam boshqalarga balki manfaatli bo'lar deb o'yladim.
Pinterestda roppa-rosa 2 yil ishlagach, kompaniya bilan xayrlashdim. Asosiy sababi oilaviy viza qilolmaganim bo’ldi. Menda Polsha vizasi (residence permit) bor, ammo ayolim va qizimda viza yo’q. Ularga viza olish uchun kamida 5-6 oylik jarayon bor. Bu vaqtda esa men Polshada bo’lishim shart bo’lib qoldi. Men esa oilamni yana tashlab ketishni xohlamadim.
Yana?
Oila va viza
Uylanganimdan so’ng 8 oy ayolim O’zbekistonda, men Polshada yashashimga to’g’ri keldi. Pinterest immigratsiya ishlarida Deloitte bilan hamkorlik qiladi. Deloittedagi “incompetent”, betayinlarni deb, yashash uchun ruxsat (residence permit) kartasiga hujjat topshirilganda ayolimni qo’shishmagan. Menga esa buning iloji yo’q deyishgandi o’sha paytda.
O’zimiz mustaqil har xil yo’llar bilan, talaba, mehmon vizalariga topshirib 1 yilda Polsha elchixonasidan jami 5 marta rad javobi oldik. Sababini hech kim bilmaydi. Apellyatsiyalar befoyda bo’ldi, chunki elchixona sizga to’liq ma’lumot bermas, unga majbur ham emas ekan. 🤡
Umidvor bo’lib Pinterestdan yordam so’radim. Bu safar esa ular, nega “residence permit” olayotganda ayolimni qo’shmaganimi so’rashdi. WHAaat!? 🤨
Xullas, o’sha gap, endi harakat qilsak 5-6 oy kutish kerak. Qizim ham 5 oydan keyin tug’ilishi kerak edi. Qizim tug’ilgach esa, unga ham hujjat qilish uchun yana shuncha kutish kerak. men 1 yil davomida oilamdan uzoqda yurishim kerak bo’lib qoldi. Tasavvur qilyapsizmi?
Shuning uchun borey dedim-da, o’tgan yili setyabrda ishda ketaman dedim. Lekin meni oson qo’yib yuborishmadi.
Pinterestdagi ishim
Aytib o’tay, men Pinterestda senior software engineer lavozimida, Design Foundations bo’limining Gestalt jamoasida “Design Technologist”/”UX Engineer” sifatida ishlardim. Qisqasi Pinteresting butun frontendi biz (5 ta dasturchi) ustida ishlaydigan kutubxona va instrumentlar ustiga qurilgan. Men ketsam, men javobgar bo’lgan loyiha va vazifalar 1-2 oyga, o’rimga yangi odam topilguncha to’xtab qolardi.
Lekin bu maqtanishga arzigulik narsa emas. Chunki Pinterestdek katta kompaniyalar uchun siz oddiy resurssiz. Shunchaki ular sizni iloji boricha ko’proq ishlatib qolishga harakat qiladi, xolos.
Pinteresda 1 yilda 3 oy davlatdan tashqarida ishlash uchun ruxsat bor. Shundan foydalanib, O’zbekistondan turib yil oxirigacha ishladim. Orada, albatta, Polshaga ish yuzasidan borib-kelib turishga to’g’ri keldi.
Yangi yil boshlangach yana 3 oy O’zbekistondan ishlaydigan bo’ldim. Orada yana Polshaga borib keldim. Xullas, amallab may oyigacha yetib keldim.
Ishdan ketish
Aprel boshida menejerim bilan gaplashib unga katta ehtimollik bilan Polshaga qaytib bormasligimni aytdim. Ular ham buni to’g’ri qabul qilishdi. May boshida, so’nggi taklif/ogohlantirish sifatida mendan Polshaga kelishimni so’rashdi. Men ketishga qarorim qat’iy ekanligini aytdim va o’sha hafta oxirida ishchi shartnomam bekor qilindi. Ishchi noutbukim bloklandi.
Pinterstdan olgan tajribam
… juda katta!
U yerda ishlab,
- Ilk marotaba milliardlab odamlar ishlatadigan dastur qanday bo’lishini, uni qanday qurilishini ko’rdim, jarayonlarda qatnashdim, o’z hissamni qo’shdim.
- Pinterest dizayn sistemasining Popover komponenti va uning ustida qurilgan 20 yaqin komponentlarni qayta implementatsiya qildim. Chunki butun boshli kutubxona baglarining deyarli yarimi shu komponentlardan edi. 6 oy davomida bir o’zim kutubxonani va Pinterest frontendini “uborka” qilib chiqqanman. 😬
- Pinterest home page’ida “share” imkoniyatini buzib qo’ydim. 5 million foydalanuchi 2 hafta mobaynida hech narsa “share” qilolmagan. 🤦♂️ 🥲 Har holde keyin uni tuzatdim.
- Brauzerga oid baglarni topdim! Bir marta emas, bir necha marta. CSS juda xavfli narsa ekan sizlarga aytsam. 😄
- 3-4 soatlab brainstorm/planning sessiyalarida jamoa bilan o’tirib, yillik rejalar va loyihalar ustida ishladim.
- O’zimdan kuchli dasturchilar bilan ishladim, tajribasi kamlarga ko’maklashdim.
va hokazo. To’g’risi, hamma o’rganganlarim va ikir-chikirigacha yozishga erinyapman.
Bilingki, bundan katta kompaniya va loyihalarda ishlash, juda o’zgacha tajriba beradi. Kengroq va chuqurroq fikrlash shakllanadi. Jamoa bilan ishlashda professionallik kuchayadi. Har holda o’zimda sezgan yaxshilanishlar shular bo’ldi.
P.S. Hozirda hech qayerda ishlamayapman. Orada Waymo va Dropbox kompaniyalaridan offer oldim, lekin yana shu viza sabablariga ko'ra ularni rad etdim.
O'zim uchun biroz muddatga karyera pauzasi oldim. Ungacha 42.uz va boshqa shaxsiy loyihalarim ustida ishlayman.